Farruh Zokirovdan tanqid eshitgan va Tohir Sodiqov duet kuylashdan bosh tortgan Umidaxon - 13 Августа 2017 - MuzMir.uz - Музыкальный портал!!
Farruh Zokirovdan tanqid eshitgan va Tohir Sodiqov duet kuylashdan bosh tortgan Umidaxon
“Darakchi.uz” “10 qaltis savol” loyihasi doirasida xonanda Umidaxon bilan suhbatlashib, unga o‘nta savol bilan murojaat qildi.



Foto: “Zamin.uz”



1.“Umr o‘tar”, “Yulduzimsan”, “Sendadur ko‘nglim” va “Yo‘limdan qoch”, “Serial”, “Safsata” qo‘shiqlari. Qay biri “tarozi pallasini bosadi”?


— Albatta, milliy yo‘nalishdagi qo‘shiqlarim. Chunki bu ijodim yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan auditoriyani qamrab ololgan. Lekin zamonaviy, kayfiyatbop qo‘shiqlarimning ham o‘z ting­lovchilari bor. Ijodkor serqirra bo‘lishi kerak, bitta yo‘nalishda qotib qolishni istamayman. Maqom, estrada, rep, qisqasi, hamma yo‘nalishda kuylay olaman va turli yo‘nalishlarning ixlosmandlarini xursand qilishga harakat qilaman. Kim hozir yettidan yetmish yoshgacha bo‘lgan muxlislarga yoqadigan qo‘shiq kuylay olyapti? Hech kim!


2. Demak, Umidaxon ham bunday qo‘shiq kuylay olmaydi, shundaymi? Avval imkonini topgansiz-ku, hozir nima xalal beryapti? Ertaga sizning ham qo‘shiqlaringizni sog‘inib tinglanishi yoki unutilishi o‘z qo‘lingizda-ku!


— Besh qo‘l barobar emas, hammaga birdek yoqib bo‘lmaydi. Ustoz san’atkorlarning qo‘shiqlarini shlyager, deb eshitaverishadi. Lekin bugungi muxlis butunlay boshqacha. Mendan avval ijod boshlaganlar ham bor-ku. Birortasi sog‘inib tinglanadigan qo‘shiq yozganicha yo‘q. Men ijod boshlaganimga esa endi yetti yil bo‘ladi. Unutilmas qo‘shiqlar yozishga harakat qilaman, Xudo xohlasa.


3. Ustoz san’atkor Nuriddin Haydarovning “Yulduzimsan” nomli qo‘shig‘ini yangi sayqalda ijro etib, ozmi-ko‘pmi e’tirof etildingiz. Biroq shu nomli musiqiy albomingiz muqovasidagi “Oti Yulduzimsan” yozuvi nafaqat ustoz san’atkorga, balki muxlislarga nisbatan ham hurmatsizlik emasmi?


— Albom chiqarish uzoq yillardan beri kutilgani uchun jarayon tezlashib ketdi. Qolaversa, o‘z shaxsiy muammolarimga o‘ralashib, befarqlik qildim, tan olaman. Lekin taqdimot o‘tgach, sotuvga chiqqan hamma albomning muqovasidagi yozuv “Yulduzimsan” deb to‘g‘rilandi.


4. Umidaxon so‘nggi vaqtda she’rlardan emas, matndan qo‘shiq kuylayapti. Tanqidni boshlab berdim, qolgan kamchilik­laringizni vijdonan davom ettiring-chi…


— To‘g‘ri, ba’zi qo‘shiqlarim matndan iborat, lekin hammasi emas. Xudo xohlasa, bundan buyon shoirlar bilan hamkorlik qilaman. Gohida dangasaligim tutsa, ishga kirishishim qiyin kechadi.


5. Cover up loyihasidagi ishtirokingiz bilan ijodkor sifatidagi imkoniyatlaringizni sinab ko‘rdingiz. Xo‘sh, nimalarni hali eplolmas ekansiz?


— “Golos” loyihasini ko‘rib, bizda ham shunday loyihalar bo‘lsaydi, derdim. Cover up’ga taklif qilishganida juda xursand bo‘ldim. Bu loyiha men uchun katta “maktab” bo‘ldi. Savolga kelsak, hammasini eplay olar ekanman!


6 . Unda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Sodiqovning siz bilan duet kuylashdan bosh tortgani va O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning tanqidini qanday tushunish kerak?


— Tohir Sodiqov ko‘rsatuv boshida maqtab turib, so‘ngida salbiy fikr bildirdi, duet kuylashdan ham bosh tortdi, tushunmay qoldim. Nazarimda, bu harakatini o‘zini katta tutishga yo‘yish mumkin. Farrux Zokirov cover yo‘nalishini qabul qilolmadi, shu bois tanqid qildi. Vaholanki, loyiha shartiga ko‘ra, qo‘shiqni cover yo‘nalishida kuylagandim, ijroim yomon emasdi. Agar bu uslub yoqmasligini bilganimda, qo‘shig‘ini xuddi o‘zidek qilib kuylab berardim, qo‘limdan kelardi.


7. “Xit” qo‘shiqlaringiz yo‘qligi birgina sizga bog‘liq emasligini aytishdan charchamaysiz. Kechirasiz-u, ijrochi sifatida she’r tanlash imkoniyatiga egasiz-ku yo prodyuserlik markazi bilan shartnomangizga bunday huquq kiritilmaganmi?

— To‘g‘ri, avvallari unday huquqim yo‘q edi. Shu bois ijodni milliy yo‘nalishdan boshlaganman va e’tiborga tushmaganman. Aslida “Kel, yarashaylik” qo‘shig‘im yo‘nalishida ijodga kirishni istagandim, ruxsat bo‘lmagan. Vaqt o‘tib, “Kel, yarashaylik”ni kuylashga ko‘ndirib, “tashrif qog‘ozi”ga ega bo‘ldim. Orada bu yo‘nalishdan chekinilmaganida hozir bunchalik qiynalmagan bo‘lardim. Yaqindan beri erkinlikka ega bo‘ldim. Nasib bo‘lsa, ommalashadigan qo‘shiqlarim bo‘ladi.

8. San’atdagi qirq yillik tajribaga ega san’at­korlarning farzandisiz, “Yo‘limdan qoch” klipi bilan “plagiat”likka qo‘l urib, misqollab yiqqan obro‘ingizni sovurish shartmidi? Klipmeykerga ham ko‘chirmakashligi uchun pul to‘landimi, tekinga ishlamagandir?

— Yo‘q, bu bilan obro‘im sovurilmadi. Mashhur san’atkorlar singari “plagiat” qo‘shiqlarni “o‘zimniki”, deb turganim yo‘q-ku. Klipimda bir-ikkita kadrdangina foydalanilgan, bu ko‘chirmakashlikka kirmaydi, nazarimda. Klipmeyker o‘sha klip kadrlarini ko‘rsatganida o‘zim rozi bo‘lganman. Asosiysi, qo‘shig‘im o‘g‘irlanmagan.

9. Umidaxon qachon shou-biznes vakilidan san’atkorga aylanadi?

— (O‘ylanib) Yillar o‘tib, ustoz san’atkorlarimiz singari qoqilib, yiqilib, o‘z yo‘limni topaman va san’atkorga aylanaman, degan umiddaman.

10. Maxsus savol!

Dilorom Omonullayeva, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi:

— Umidaxon, ham maqom, ham o‘zbek va Yevropa estradasini maromiga yetkazib ijro eta oladigan, professio­nal texnikasi yuqori xonandasiz. Ovoz zo‘r bo‘lsa-da, o‘z qo‘shig‘i bo‘lmasa, bu — vaqtning behuda ketgani. Bitta kamchiligingiz — o‘z repertuaringiz yo‘q yo yanglish­yapmanmi?

— Dilorom opa, siz darslik yuzasidan kuylagan qo‘shiqlarimnigina bilasiz. Balki ijodimni kuzatmaganingiz uchun shunday fikrdadirsiz?!

Baholash:
Baholar: 0.0/0
O'qildi: 188
Qo'shildi: 13.08.2017 15:26
Qo'shildi: Akbar_Admin
Do'stlar Bilan Baham Ko'rish
Barcha Izohlar!: 0
avatar