Yolg’onning umri qisqa, ammo u nega hanuz yashamoqda? - 23 Августа 2017 - Kutubxona - MuzMir.uz - Музыкальный портал!!
Yolg’onning umri qisqa, ammo u nega hanuz yashamoqda?
“Jamiyat” ijtimoiy- siyosiy gazetasining muxbiri Rufat Ne’matov yolg‘onchilik borasidagi fikr-mulohazalari bilan bo‘lishdi.



Foto: Noodle



“Yaqinda farzandimga kiyim-bosh olish uchun bozorga tushdim. Aylanib o‘zim va bolamga ma’qul ko‘ylakni olishga qaror qildim. Sotuvchi bilan uning bahosi ustida rosa savdolashdik. Nihoyat, u “aka, siz so‘ragan ham emas, men aytgan ham”, deb narxni aytdi. Pulni sanab olar ekan, “mayli, siz baraka toping dedim, aslida o‘zimga hech qanaqa foyda qolmaydi. Molning o‘zi ham shu narxda kelgan”, deb qo‘shib qo‘ydi.


Albatta, bu kabi muloqotlarga har birimiz kunda yoki kunora duch kelamiz. Bozor qonuniyatlari sifatida unchalik ham e’tibor bermaymiz. Ammo yuqorida sotuvchining yolg‘on gapirgani menga ham, o‘ziga ham kundek ravshan. Foyda ko‘rmasa, u bozorda bir kun ham o‘tirmaydi, albatta. Nega unda odam yolg‘on gapiradi? Zarurat bo‘lmasa ham, hech narsadan tap tortmasdan, oxirini o‘ylamasdan yolg‘on gapiraverishga kim yoki nima majbur qilmoqda?


Mutaxassislarning ta’kidlashicha, insonning uncha jiddiy bo‘lmagan kichik yolg‘oni, uning asab tizimini kelgusida yana yolg‘on gapirishga tayyorlaydi. Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, bir marta yolg‘on ishlatgan odam keyinchalik bundan o‘zini tiya olmaydi.


Aksariyat odamlar o‘z foydasini ko‘zlab, maqsadga erishish uchun boshqalarni aldashga urinadi. Lekin hayotda shunday vaziyatlar bo‘ladiki, inson o‘zi anglagan holda yolg‘on gapirishga majbur bo‘ladi. Ya’ni, bemor holidan xabar olinganda, uning ahvoli og‘ir bo‘lsa ham, “ahvolingiz ancha yaxshi yoki tuzalib qolibsizl, deyiladi. Shuningdek, yaxshilik yo‘lida ham yolg‘on ishlatish mumkin.


Olimlarning fikriga ko‘ra, odamzod o‘ziga e’tibor jalb etish, o‘z xatti-harakatini yashirish uchun ham yolg‘on gapiradi. Hatto, yolg‘on evaziga mash­hurlikka erishish, raqibni obro‘sizlantirish, pul to‘plashga intilish hollari ham ko‘p uchragan. Masalan, AQShlik moliya­chi Berni Meydof o‘z yolg‘onlari bilan investorlardan milliardlab dollar to‘plagan. Ishbilarmonlar uning soxta ma’lumotlariga shu qadar ishonganidan aldanayotganini umuman sezmagan. 2016-yil yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan amerikalik sportchi Rayan Loxte qurolli bosqin jabrlanuvchisiga aylanganini ta’kidlagan. Aslida esa Rayan Loxte mast holatda qo‘riqchilar bilan mushtlashgan.


Shunday ekan, hayotda hech qachon yolg‘on gapirmagan odam borligiga ishonish qiyin. Yolg‘ondan istagan odam, istagan paytda foydalana oladi. Shunga qaramay, uni har kim ham eplay olmaydi. Olimlarning fikricha, inson tabiati yolg‘onga shu qadar moyilki, unga barham berish amrimahol.


Yolg‘on so‘zlash yoki yolg‘on guvohlik berish islom dinida qat’iy qoralanadi. Qur’oni Karimda yolg‘on haqida bir yuz oltmish yettita oyat bor. Yolg‘onning jamiyatga ham, shaxsga ham zarari shunchalar ko‘pki, bularni sanab tugatish qiyin. Yolg‘on uni gapirgan odamni ko‘pchilik orasida sharmandai sharmisor qiladi, gapining subuti qolmaydi, yolg‘on uzoqni yaqin, yaqinni uzoq qiladigan sarobdir. Yolg‘on aql o‘g‘risidir, yolg‘on kishining din va diyonatini buzadi.


Sadriddin Abdurashidov, Toshkent shahri Olmazor tuman bosh imom xatibi


Kaliforniya universiteti psixologi Belloy DePaulo tomonidan bundan yigirma yil avval aynan shu masala atroflicha o‘rganilgan. Uning tad­qiqotida 147 kishi ishtirok etgan. Tadqiqotchilar ishtirokchilarning aldashga urinishi, buning sababini qayd etib borgan. Ma’lum bo‘lishicha, odam kuniga o‘rtacha ikki-uch marta yolg‘on gapirar ekan. Tad­qiqot qatnashchilarining eng katta yolg‘onlari o‘z xiyonatini yashirish, hamkasblarini obro‘sizlantirish maqsadida yolg‘on ma’lumot berish bo‘ldi.

Bundan tashqari, ekspertlar inson yolg‘on gapirishni qachon boshlashi bo‘yicha izlanishlar olib bordi. Ta’kidlanishicha, odam bolaligidan yolg‘on gapirish, aldashni boshlaydi. Albatta, bu jarayonda oiladagi muhitning bevosita ta’siri bor. Masalan, ko‘p ota-onalar bolasini tinchlantirish yoki qo‘rqitish uchun turli yolg‘onlar to‘qiydi. Dastlab bola bunga ishonadi, keyin yolg‘on ekanini sezadi. Ayniqsa, qattiqqo‘l oilada kamol topayotgan bolalar ko‘proq aldar ekan. Xususan, ota-onadan qo‘rqqan bola arzimas xatosini ham berkitadi va buning uchun yolg‘on gapiradi.


Bola o‘zidagi xatoni birovga to‘nkashni boshlasa, ota-ona tarbiya masalasiga jiddiy e’tibor qaratishi talab etiladi. Farzandni o‘ta maqtash va jazolash ham yolg‘onchilikning avj olishiga olib keladi. Bolaga biror o‘rtog‘i namuna qilib ko‘rsatilsa, u o‘zini yaxshi ko‘rsatishga harakat qilib, aybni boshqalarga ag‘darishga urinadi. Bu vaziyatda uni yolg‘on gapi uchun uyaltirish kerak. Bola uyat tuyg‘usi qanday bo‘lishini tushunib yetishi lozim. Agar farzand qilgan noto‘g‘­ri ishini tan olsa, uni rostgo‘yligi uchun maqtash kerak.


Bola ulg‘aygan sari uning yolg‘onlari ham takomillashib boradi, ya’ni yolg‘onni rostdek gapira boshlaydi.Lekin bu barcha bolalar yolg‘on gapirishni uddalay oladi degani emas. Buning uchun ham tajriba va vaqt kerak. Juda kamchilik rostgo‘y bo‘lib ulg‘ayadi. Hatto rostgo‘ylar ham yolg‘on ishlatadi.


Kang Li, Toronto universiteti psixologi


Olimlar yolg‘on gapiradigan odam sog‘liq bilan bog‘liq muammoga duch kelishini isbotlagan. Ular buning uchun ikki ko‘ngilli guruh orasida tajriba o‘tkazdi. Birinchi guruh nima bo‘lganda ham rost gapirishi talab etildi. Ikkinchi guruhga esa hech qanday tavsiya berilmadi. O‘n hafta o‘tgach, olimlar ishtirokchilar bilan qayta uchrashib, tahlillardan so‘ng natijani e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, rost gapiruvchi guruh a’zolari ikkinchi jamoaga nisbatan o‘zlarini yaxshi his qilgan. Ulardan bosh, tomoq og‘rig‘i, stress va xavotirlanishdan shikoyat tushmagan. Birinchi guruhning ta’kidlashicha, yolg‘on ishlatmaslik natijasida atrofdagilar bilan munosabat ham yaxshilangan. Shunga ko‘ra, olimlar faqat munosabatlarni yaxshilash uchun emas, balki sog‘liqni saqlash uchun ham yolg‘ondan uzoqroq bo‘lishni maslahat bermoqda.


Dyuka universiteti psixologi Dena Arieli ham o‘ziga xos tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqot davomida ko‘ngillilarga matematikaga oid vazifalar bitilgan qog‘oz berib, har bir to‘g‘ri javob uchun pul va’da qilindi. Vazifa bajarilgandan so‘ng, ishtirokchilardan qog‘ozni yo‘q qilish so‘raldi. Go‘yoki yo‘q qilingan qog‘ozlarni ekspertlar saqlab qo‘yadi va ishtirokchilardan nechta to‘g‘ri javob topganini so‘raydi. Ko‘ngillilarning ko‘pchiligi aldadi. Masalan, ularning ba’zilari 10 ta savoldan 6 ta, hatto, 10 ta topganini aytadi. Aslida esa 4 ta to‘g‘ri javob topgan bo‘ladi. Dena Arielining xulosasi shuki, ko‘pchilik qisman bo‘lsa-da, aldashni ma’qul ko‘radi.


“Chunki biz ko‘ngillilarga ko‘proq pul ishlash uchun sharoit yaratdik, ammo bundan hamma ham foydalangani yo‘q. Demak, ular aldaydi, lekin me’yorini oshirib yubormaydi”, — deydi Arieli.


Inson tabiatan ishonuvchan. Boz ustiga u hamisha ham yolg‘onga duch kelavermaydi. Shu bois u aksar holatlarda yolg‘onga nisbatan zaif bo‘lib qoladi. “Qo‘lingdan kelsa, tutib ol” filmi uchun asos bo‘lgan Frenk Abigneyl taqdiri ham faqat yolg‘onlardan iborat bo‘lgan.


Kimgadir uchuvchi ekani­n­­­gizni aytsangiz, u aksar holatlarda o‘ylab ham o‘tirmay bunga ishonadi. Inson tabiatan ishonuvchanligi tufayli firibgarlar paydo bo‘ladi.


Frenk Abigneyl


Garchi yolg‘onning umri qisqa bo‘lsa-da, inson o‘zi eshitishni istagan narsa haqidagi yolg‘onga uzoq vaqt ishonib yuraveradi. Rost so‘zlagan esa hech qachon xijolatli holatga tushmaydi”.

Baholash:
Baholar: 0.0/0
O'qildi: 104
Qo'shildi: 23.08.2017 20:10
Qo'shdi: Akbar_Admin
Do'stlar Bilan Baham Ko'rish
Barcha Izohlar!: 0
avatar